Payoz G’iyosovich Musayev

Mustaqillik davri maktab geografiya ta’limini asoschisi, «Maktab geografiyasini qayta qurishning ilmiy uslubiy konsepsiyasi”, umumiy o’rta ta’lim maktablari uchun geografiyadan Davlat ta’lim standartlari, o’quv dasturlari, «Maktab geografiya darsliklarini yaratish mezonlari” kabi ilmiy ishlari muallifi Payoz Musayev endi oramizda yo’q.

«O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan o’qituvchi» G`iyos qori Musayev oilasida 1935-yil 20-oktyabrda dunyoga kelgan olim Toshkentdagi 111-o’rta maktabni bitirgach, 1958-1963-yillarda Toshkent Davlat kechki pedagogika institutida o’qib, kunduzi 33, 22-maktablarda geografiyadan dars bergan. Institutni imtiyozli diplom bilan tugatgach, asosiy faoliyati  Pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot institutida kechgan. 1964-1967-yillarda institut aspiranturasida o’qigan.

Aspiranturaga qadar o’qituvchilik faoliyatida shakllanib, maqsadga aylangan ta’lim-tarbiyani milliylashtirishga oid qarashlarini geografiya fani misolida ilmiy asoslamoq uchun «O’zbek maktablarida iqtisodiy geografiyasi o’qitish xususiyatlari» mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini tayyorlagan. Bu mavzu keyinchalik O’zbekiston maktablarida umumiy o’rta ta’limning mazmun va metodlarini modernizatsiyalashga turtki bo’lgan.

Olim boshchiligida 5-sinflar uchun «Tabiiyot” birikma kursi va darsligi yaratilgan, «Tabiiy geografiya», 6-sinflar uchun «Materiklar va okeanlar geografiyasi» darsliklari yangicha tarkibiy tuzilish, yangicha mazmunda nashr qilingan. «O’zbekistonning iqtisodiy va ijtimoiy geografiyasi» darsligi birinchi marta mustaqil kurs maqomida ishlab chiqilgan.

Payoz Musayev ilmiy faoliyati natijasi nashr etilgan 3 ta monografiya, 4 ta darslik, 18 ta risola va 200 dan ortiqilmiy-metodik maqolalar pedagogik amaliyotga singib bormoqda. Darhaqiqat olim tadqiqotlarining asosiy qismi maktabda gegrafiya o’qitish muammolariga bag`ishlangan bo’lib, ular dastur, darslik va metodik qo’llanma tarzida ko’p adad bilan chop etilgan. Bosma nashrlar bilan bir qatorda uzluksiz ravishda televideniya va radio orqali ko’rsatuv hamda eshittirishlar olib borgan. Birgina «Geografiya” o’quv ko’rsatuvi uning muallif va boshlovchiligida 17 yil davomida efirga uzatilgan.

Faoliyati davomida ilmiy ishlari bilan bir qatorda o’qituvchilik va murabbiylikni kanda qilmadi. Maktab sohasidagi tadqiqotlarini samarali bo’lishi uchun umumta’lim maktablarida uzluksiz dars berib keldi. Shuningdek, turli viloyatlardagi xalq ta’limi xodimlari malakasini oshirish institutlarida, A.Avloniy nomidagi Rahbar xodimlarni malakasini oshirish va qayta tayyorlash markaziy institutida rahbar xodimlar va geografiya o’qituvchilariga muntazam ma’ruzalar o’qidi.

U O’zbekiston Xalq ta’limi tizimida geografiya ta’limi bo’yicha ilmiy-metodik kengash (IMK) va olimpiada o’tkazuvchi respublika hay’atining jamoatchi a’zosi, rais o’rinbosari, rais lavozimlarida ish olib bordi.

1985-1991-yillarda «География в школе” (sobiq Pedagogika Fanlari akademiyasining jurnali)da maslahat hay’ati a’zosi, «O’zbekiston geografiya jamiyatining axboroti” yillik ilmiy-uslubiy to’plamining tahrir hay’at a’zosi bo’lib, 1993-yilda «Dunyo” fasliy majmuasi (jurnali) maslahat hay’atining «Dunyo mamlakatlari” bo’limiga rahbar qilib tayinlandi.

Payoz Musayev ilmiy rahbarligida 4 nafar tadqiqotchilar geografiya o’qitish metodikasi bo’yicha nomzodlik dissertatsiyalarini himoya qildi.

Ilmiy-pedagogik faoliyatining e’tirofi sifatida yuksak mukofotlar (3 medal, O’zbekiston Respublikasining faxriy yorlig`i va boshqa ko’plab yorliqlar, «Xalq ta’limi a’lochisi» ko’krak-nishoni) bilan taqdirlandi. Olimning pirovard maqsadi, muqaddas orzusi o’zbek milliy maktabi yaratildi. O’zbekona qadriyatlarga asoslangan maktab yaratish yo’lidagi umummilliy jarayonga izlanishlari bilan hissa qo’sha oldi.

Payoz Musayev izlanish zahmatining muhtasar xulosalari quyidagicha edi:

  • geografiya integrativ fan, zotan uni mukammal bilish qomusiy bilim sohibi bo’lish demak.
  • geografiya o’qitish metodikasini geografiya fanining ildizidan axtarmoq lozim.
  • Mashhur geograf Nikolay Baranskiy hayot bo’lganida «Har qanday sayohat kartadan boshlanib kartaga tugallanadi” iborasini «Har qanday sayohat internetdan boshlanib internetdan joy oladi” deb o’zgartirgan bo’lardi

Jahongir Payozovich Musayev 

“Antique World” Xalqaro Ilmiy Akademiyasining doktori, geografiya fanlari nomzodi, dotsent

1972-yil  27-dekabrda Toshkent shahrida ziyolilar oilasida tavallud topgan.

Mannon Uyg’ur nomidagi 22-maktabda, so’ngra Mirzo Ulug`bek nomidagi O’zbekiston milliy universitetining geografiya fakultetida o’qib, 1994-yilda imtiyozli diplom bilan tugatgan.

Pedagogik faoliyatini talabalik yillari Toshkent tumanidagi 2-umumiy o`rta ta’lim maktabida o’qituvchilikdan boshlagan. 1994-1995-yillarda Respublika-o’quv metodika markazida metodist, 1998-2001-yillarda Qori Niyoziy nomidagi O’zPFITIda ilmiy xodim, bo’lim boshlig`i lavozimlarida ishlagan.

Mehnat faoliyati 2001-2013-yillarda Xalq ta’limi vazirligida davom ettirdi.  Xalq ta’limi vazirligining Oliy ta’lim muassasalari sho`basida  ishlash davomida uning tashabbusi va jonbozligi asosida Jizzax, Toshkent viloyati DPIlarida aspirantura, Qori Niyoziy nomidagi O’zPFITIda yangi yo’nalishda doktorantura ochildi. Samarqand viloyatida hududiy nazoratchi sifatida faoliyat ko’rsatgan davrda viloyatning Jomboy tumanidagi 21-umumta’lim maktabi bazasida mustaqillikdan keyingi davrda birinchi bor geografiya maydonchasini tashkil etishga bosh qosh bo’ldi.

U ilmiy-pedagogik hamda publistik janrlarlarda ko’plab maqolalar bilan chiqib turadi. «Ma’rifat» gazetasi va «Xalq ta’limi» jurnallarida e’lon qilingan ishlarining o’zi 40 dan ortadi. U maqolalarida ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar mohiyati, yangiliklar, ayniqsa, «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi» ijrosi, geografiya ta’limini modernizatsiyalash bilan bog`liq tahliliy hamda uslubiy materiallarni keng yoritmoqda.

Jahongir Musayev umumiy o’rta ta’lim maktabi 8-sinflari uchun O’zbekistonning iqtisodiy va ijtimoiy geografiyasi o’quv atlasi va yozuvsiz xaritalarini yaratishda faol (1999-2006) ishtirok etgan.

2006-yil mehnatda erishgan natijalari uchun «O`zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi a’lochisi” ko’krak nishoni bilan taqdirlangan.

Davlat test markazi tomonidan o’tkazilgan «Yilning eng yaxshi test tuzuvchisi” tanlovida geografiya fani bo’yicha qatnashib 2006-yili 1-darajali diplom bilan taqdirlangan.

Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik borasida ham samarali faoliyat ko’rsatib kelmoqda. Osiyo taraqqiyot bankining «Umumta’lim maktablari uchun darsliklar va o’quv adabiyotlarini nashr qilish tizimini takomillashtirish» loyihasi doirasida 2001-yilda tashkil etilgan «Darsliklarni nashrga tayyorlash tizimini takomillashtirish» mavzusidagi halqaro seminar-treningda ma’ruzalari bilan qatnashdi. Mazkur loyihani mahalliy konsultanti sifatida faoliyat ko’rsatib endilikda umumta’lim maktablarida o’quvchilarning darsliklar bilan ta’minlashda keng tarqalgan ijara tizimini yaratilishi va amaliyotga joriy etilishini asoschilaridan biri hisoblanadi.

Darsliklarni yangi avlodini yaratish tizimini takomillashtirish mavzusida 2008-yili Germaniyaning qator shaharlarida umumiy o’rta, o’rta maxsus va oliy ta’lim muassasalari faoliyatini o’rganib tajriba almashib qaytdi.

Chop etilgan ishlari orasida 2 ta monografiya, 1 ta darslik (umumta’lim maktablari uchun), 2 ta o’quv qo’llanma (umumiy o’rta va o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari uchun), 1 ta o’quv dasturi (o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari uchun), umumiy o’rta va o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari uchun geografiya ta’limini rivojlantirish konsepsiyasi muallifidir.

Internet nashrlarida qator maqolalari chop etilgan. 1993-1999-yillar davomida umumta’lim maktab o’quvchilari uchun O’zbekiston teleradiokompaniyasi orqali efirga uzatilgan «Geografiya” o’quv ko’rsatuvining muallifi va boshlovchisi sifatida faoliyat yuritdi.

Jahongir Musayevning ilmiy ishlari horijiy mamlakatlar (Germaniya, Polsha, Rossiya, Qirg`iziston)ning nufuzli nashrlarida ingliz va rus tillarida chop etilgan.

Payoz Musayev bilan hammualliflikda «Kompyuter-Osiyo” ilmiy-texnika parki tomonidan 2008-yil «O’zbekiston iqtisodiy va ijtimoiy geografiyasi», «Jahon iqtisodiy va ijtimoiy geografiyasi” o’quv filmlari, «O’zbeko’quvavtomatika” birlashmasi tomonidan «O’zbekiston iqtisodiy va ijtimoiy geografiyasi” elektron darsligi ishlab chiqilib amaliyotga joriy etilgan.

Ayni paytda Jahongir Musayev ta’lim tizimini takomillashtirish, darslik va o’quv adabiyotlarining yangi avlodini yaratish borasida amaliy ishlarni olib bormoqda.